Amr qildimki, agar o‘g‘illarimdan qaysi birovi saltanat martabasiga da’vogarlik qilib bosh ko‘tarar ekan, uni o‘ldirishga, qo‘llarini bog‘lashga yoki muchasidan biron joyini kamaytirishga hech kim jur’at qilmasin. Lekin o‘z da’vosidan kechmaguncha, uni asirlikda sakdasinlar, toki Xudoning mulkida urush chiqmasin. Agarda nabiralar yoki qavm-qarindoshlardan biri menga qarshi ko‘tarilsa, uni darvishlik holatiga solsinlar1.
Saltanatim qo‘rg‘onlari bo‘lmish amirlar, agar ish ustida nifoqqa borsalar, ularni martabasidan tushirsinlar va yerlari tortib olinsin. Agar davlatga ziyon yetkazgudek ish qilsalar, ular boshqa amirlarga tobe’ etilsinlar. Agar sipohiylik ishlarida yalqovlik qilgan bo‘lsalar, ularga yozish-chizish bilan shug‘ullanuvchilar orasidan ish berilsin. Agar shundan keyin ham xatolikka yo‘l qo‘yib, kaltabinlik qilsalar, ikkinchi bor xizmatga olmasinlar.
Saltanat saroyining ishonchli va e’tiborli kishilari bo‘lmish vazirlar xususida shunday buyruq berdim: agar ular saltanat ishlarida xiyonat etsalar va saltanatni ag‘darishga jazm qilgan bo‘lsalar ham, ularni o‘ldirishda shoshilmasinlar. Avvalambor ularni ayblovchi va xabar yetkazguvchilarning kimligini tekshirib ko‘rsinlar. Qoralovchilar da’volarining rost-yolg‘onligini sinchkovlik bilan sinab ko‘rsinlar. Chunki ko‘p hollarda hasadchilar bilan g‘iybatchilar yo ko‘rolmay yoki tamagirlik bilan yolg‘on to‘qib, uni chinday qilib ko‘rsatadilar va (chirkin) maqsadlariga yetishadilar. Talaygina pastkash, razil odamlar borki, davlat dushmanlarini yaxshilab, uning jonfidoyilarini hiylagarlik va makkorlik bilan xarob qiladilar, makru sotqinlik bilan saltanat qo‘rg‘oniga putur yetkazmoq payida bo‘ladilar.
Chunonchi, amir Husayn mening vazirlarimdan biri bilan til biriktirib, unga boylik va’da qilgan holda davlatimning tayanchlaridan bo‘lmish amir Iygu Temur va amir Jakuni menga qarshi qayrashni buyurdi. Uning shum niyatidan ogoh bo‘ldim, shuning uchun ular xususida aytilgan hamma gaplarni eshitmaganga oldim.
Yana bir voqea yuz bergandi. Yaqinlarimdan ba’zilari yolg‘iz qolganimizda va odamlar oldida ulug‘, e’tiborli amirlarimdan sanalgan amir Abbosga hasad qilib, dushmanlik ko‘rgizib, uning haqida bo‘lmag‘ur gaplarni aytdilar. Yolg‘on so‘zlari shamoli bilan g‘azabim o‘tini alangalatdilar. Natijada gaplarini tekshirib ko‘rmasdan g‘azab ustida amir Abbosni o‘limga mahkum etdim. Oxir-oqibatda ularning amir Abbos haqiga xiyonat etganlarini angladim va qilgan ishimdan o‘kinib, pushaymon bo‘ldim.
Mamlakat xazinachilari bo‘lmish moliya vazirlari moliya ishlarida xiyonat qilsalar va (boylikning bir qismini) o‘zlashtirib olgan bo‘lsalar, (tekshirib ko‘rilsin). Agar o‘zlashtirib olgan mablag‘i o‘ziga tegishli haq mikdoridan oshmasa, mazkur mablag‘ unga in’om o‘rnida qoldirilsin. Agar o‘zlashtirib olgan mablag‘i maoshidan ikki barobar ortiq bo‘lsa, ortig‘i oladigan maoshi hisobidan ushlab qolinsin. Agar maoshidan uch barobar ko‘p mablag‘ olgan bo‘lsa, hammasi (saltanat xazinasiga) tortiq sifatida olinsin.
Yana hukm qildimki, (vazirlarni) ortiqcha siylamasinlar, chunki alohida izzat-ikrom ko‘rsatib, o‘zlarini obro‘sizlantirib qo‘yishlari mumkin. Bu esa saltanatga ziyon yetishiga sabab bo‘lur.
G‘arazgo‘y, buzuqi va hasadgo‘y odamlarning vazirlar haqidagi uydirmalarini eshitmasinlar, chunki bu tabaqadagi kishilarning dushmani ko‘p bo‘ladi, negaki, olam axdining barchasi dunyotalabdir. Agar vazirlar bunday odamlarning ko‘ngliga qarasalar, davlatga xiyonat qilgan bo‘lurlar; qaramasalar, (unday odamlar) vazirlarga dushmanlik qilurlar.
Chig‘atoyxonning[1] bir vaziri bo‘lgan ekan. G‘arazgo‘ylar uni «xazinadan bir necha ming oltin o‘g‘irladi», deb (xonga maktub) yozgan edilar. Maktubni xonga ko‘rsatganlarida, u mazkur vazirni huzuriga chaqirtirib, unga «g‘azab» qilib debdi: «Sen nazari past odam ekansan. Mendek podshohning vaziri bo‘laturib, xazinamdan atigi shuncha o‘zlashtiribsan, xolos!» Dono vazir (xonning) bu qadar katta ehsonidan mamnun bo‘libdi va bor davlatining barchasini keltirib xonga peshkash qilibdi. (Bu bilan) xon oldida o‘z martabasi va obro‘-e’tiborini sakdab qolibdi.
(Yana hukm qildimki), qaysi bir sipohiy haddidan oshib, qo‘l ostidagi kishiga zulm o‘tkazar ekan, uni tutib, mazlum qo‘liga topshirsinlar, toki uning jazosini zulm ko‘rganlar bersin.
Qishloq oqsoqoli va shahar ulug‘lari kichikroq darajadagi odamga zulm qilsalar, o‘sha zulmga yarasha, har kimning ko‘tarishicha jarima solsinlar. Agar darug‘alar va hokimlar xalqqa jabr-zulm etib, ularni xarob qilgan bo‘lsalar, ishlariga loyiq jazo berilsin. Biror kimsaning gunohi isbotlangandan keyin undan jarima olsalar, so‘ng yana darra bilan urmasinlar. Agar darra urish bilan jazolasalar, undan jarima olmasinlar.
O‘g‘rilar xususida buyurdimki, ular qaerda bo‘lmasin, tutib olinsa, yaso[2] bo‘yicha jazolansin. Kimki birovning molini zo‘rlik bilan tortib olgan bo‘lsa, mazlumning molini zolimdan qaytarib olib, egasiga topshirsinlar.
Agar kimda-kim tish sindirsa, ko‘zni ko‘r qilsa, quloq va burun kessa, sharob ichsa, zino ishlar qilsa, devondagi shariat qozisi yoki ajrim chiqaruvchi qoziga olib borib topshirsinlar. Shariatga oid ishlarni hal etishda islom qozisi hukm chiqarsin. Urf-odat ishlarini esa ajrim qozisi taftish qilib, so‘ng mening arzimga yetkazsin.
[1] Chig‘atoyxon–Chingizxonning ikkinchi o‘g‘li (1227–1241), Chig‘atoy ulusi xoni. Ushbu ulusga hozirgi Sharqiy Turkiston, Qoshg‘ar, Ili va Yettisuv vohasidagi yerlar, shuningdek, Movarounnahr kirgan. Tarmashirinxonning (1326–1334) 1327 yildagi yurishidan keyin hozirgi Afg‘oniston va shimoli-g‘arbiy hindiston yerlari ham bu ulusga kirgan. (–А.А.)
[2] Yaso–turk-mo‘g‘ul xalqlari orasida amalda bo‘lgan qonun-qoidalar; Chingizxon davrida joriy etilgan.
Amir Temur olimlarga xayrixoh munosabatda bo‘lar va bilimi bilan halloligini ko‘rgan olimlarga ishonar edi. U tarixchi va faylasuflar, ilm-fan va ma’muriy sohada bilimdon bo‘lgan kishilar bilan suhbatlashish uchun ko‘pincha taxtidan ham tushar edi. Amir Temur o‘zidagi kishilarni bo‘ysundirish qobiliyatiga ularni o‘z hukmronligi ostida baxtiyor qilish iste’dodini ham qo‘shgan edi. (Lui-Matyo Langle)