Amr qildimki, to‘ng‘ich o‘g‘lim Muhammad Jahongir valiahdimdir; u viloyat hokimi bo‘lib, o‘n ikki ming otliq askar va ularning ulufasini olsin.
Ikkinchi o‘g‘lim–Umarshayx o‘n ming otliq askar va ularning ulufasini olsin. U bir viloyatni olsin.
Uchinchi o‘g‘lim–Mironshoh to‘qqiz ming otliq askarga ulufa olib, bir viloyatni boshqarsin.
To‘rtinchi o‘g‘lim–Shohrux yetti ming otliq askarga ulufa olib, bir viloyatga ega bo‘lsin.
Nabiralar esa har qaysisi, iste’dodiga yarasha, uch mingdan yetti ming otliqqacha ulufa olib, bir viloyatga egalik qilsin.
Va yana menga qavm-qarindoshligi bor kishilarga, o‘z holiga qarab, qobiliyatiga yarasha, birinchi darajali amir martabasidan tortib to yettinchi darajali amir martabasigacha bo‘lgan amirlik va hukmdorlik (mansablari) berilsin. Ularning har biri o‘z martabasiga yarasha ish tutib, haddidan oshmasin. Bunga xilof ravishda ish tutganlar javobgarlikka tortilsin.
Amir Temur san’atni yuksak qadrlar edi. Uning o‘zi badiiy asarlar majmuasiga ega edi. Turli toifadagi mashshoqlar, suxandonlar, xaykaltaroshlar. bog‘bonlar, rassomlar jahonning har xil davlatlaridan Amir Temur saroyiga to‘plangan edilar. (Xilda Xukxem)