Amr etdimki, agar g‘anim (lashkari) soni o‘n ikki ming otlikdan kam bo‘lsa, bu urushda amir ul-umaro (lashkarimga) sardorlik qilsin. Aymoq va tumanlardan o‘n ikki ming otliq unga hamroh bo‘lsin. Mingboshilar, yuzboshilar va o‘nboshilarni ham o‘ziga hamroh qilsin. G‘anim lashkariga bir manzil[1] yo‘l qolguncha yurish qilib, dushman bilan ro‘baro‘ kelgach, menga xabar yuborsin.
Yana amr qildimki, o‘shal o‘n ikki ming otliq askarni to‘qqiz qismga bo‘lsinlar, ushbu tartibda: qo‘lda bir favj, barong‘orda uch favj, javong‘orda uch favj, hirovulda–bir favj va qorovulda–bir favj tursin. Barong‘orning o‘zi hirovul, chopovul va shiqovuldan iborat bo‘lsin. Shunga o‘xshash, javong‘or ham hirovul, chopovul va shiqovuldan iborat bo‘lsin.
Va buyurdimki, amir ul-umaro urush maydonini tanlashda (quyidagi) to‘rt narsani nazarda tutsin.
Birinchisi–u yerning suvga uzoq-yaqinligi.
Ikkinchisi–askar saqlaydigan yerning xavfsizligi.
Uchinchisi–g‘anim lashkari turgan yerdan teparoqqa joylashishi va oftobga ro‘baro‘ bo‘lmasligi, toki quyosh shu’lasi sipohiylar ko‘zini qamashtirmasin.
To‘rtinchisi–urush maydoni oldi ochiq, keng joy bo‘lishi lozim.
Yana amr etdimki, urushdan bir kun oldin lashkarni safga tizsinlar va tuzukka muvofiq uni favjlarga ajratib, dushman tomonga qarab yursinlar. Lashkar otlarining boshi ko‘zlangan yo‘nalishga qaratilsin va yurar yo‘ldan chap yoki o‘ng yoqqa burilmasin. Yana buyurdimki, sipohiylar ko‘zi g‘anim lashkariga tushishi hamono, baland ovoz bilan «Ollohu akbar!» deb takbir aytsinlar va suron solib, dushman cheriki ustiga bostirib borsinlar.
Lashkar nazoratchisi[2] sardorning jang vaqtida xato qilganini ko‘rsa, darhol uning o‘rniga boshqa sardorni o‘tirg‘izsin. Amirlarga va sipohiylarga esa men unga ishonch bildirib bergan zafarnishon yorliqni ko‘rsatsin.
Amr etdimki, sardor lashkar nazoratchisi bilan birga dushman sipohining oz-ko‘pligini mulohaza etsinlar, sarkardalarini g‘anim lashkarboshilari bilan solishtirsinlar. Shunga qarab, o‘z sipohlarining kamu ko‘stlarini to‘g‘rilab, jangga hozirlasinlar. Yana o‘z sipohining qurol-aslahalarini dushmanniki bilan taqqoslasinlar.
(Shuningdek), g‘animning urush olib borish yo‘llarini shoshmasdan, bir zayldami yoki shiddat bilanmi, jangga kirishini kuzatsinlar. Yana g‘animning jang qilish tartibini chamalab ko‘rsinlarki, ular bor askari bilan bir yo‘la ot qo‘yib, shiddatkorona hujum qiladimi[3] yoki favj-favj bo‘lib, ketma-ket hamla etadimi? Yana ko‘rsinlarki, g‘anim hamla vaqtida, jang qilib orqaga qaytib, keyin yana hamlaga kirishadimi yoki birinchi hamlasi bilan chegaralanib, oxirigacha savashadimi? G‘anim agar orqasiga qaytmay savash qursa, sipoh uning hamlasidan yetgan zarbaga sabr-toqat qilib, oxirigacha turib berishi kerak. (Unda) shijoat bir soatlik sabr demakdir.
Amr qildimki, dushman urush ochmagunicha o‘zlaricha jangga kirmasinlar. Yana amr etdim: dushman jang maydoniga kirgach, lashkar boshlig‘i yasolda[4] turgan to‘qqiz sipohiy favjga jangga tushib, urush boshlashlari haqida buyruq bersin, chunki sipoh lashkarboshisining vazifasi, jang vaqtida qo‘rquvdan qo‘l-oyog‘i bo‘shashib, sarosimaga tushmasdan, buyruq berishdan iboratdir. U har bir sipoh favjini urush aslahalaridan biri deb bilsin va o‘q-yoy, oybolta, qilich, gurzi, pichoq va xanjar kabi har bir favjni o‘z o‘rni kelganda ishlatsin. Ishbilarmon lashkarboshi o‘zini va to‘qqiz sipohiy favjini bir tandek ko‘rib, ularni qo‘l-oyog‘i, boshi, ko‘kragi va boshqa a’zolarini ishlatib kurashuvchi bir pahlavondek hisoblasin. Shundagina, g‘anim sipohiy favjlari ustiga ketma-ket urilgan to‘qqizta qilich zarbasidan keyin, to‘qqizinchi zarbada, albatta, yengilishiga umid qilsa bo‘ladi.
Haqiqiy lashkarboshi avval g‘anim ustiga hirovul favjini yuboradi, so‘ngra yordam uchun ketidan barong‘or hirovulini jo‘natadi. Barong‘or hirovuli ketidan esa javong‘or hirovulini jangga tashlaydi. Shu tarzda dushman askari ustiga ketma-ket uch zarba tushgan bo‘ladi. Bordiyu, shu vaqt hirovullar g‘animga qarshi kuchsizlik qilsalar, u holda barong‘orning birinchi favji ot qo‘ysin, ketidan javong‘orning ikkinchi favjini jangga tashlasin. Shunda ham zafar qozonilmasa, barong‘orning ikkinchi favjini jangga kiritsin, ketidan javong‘orning birinchi favjini yuborsin. (Ular jangga kirgach), menga xabar jo‘natib, keyingi buyruqlarimni kutsin. Shundan so‘ng Ollohning madadu inoyatiga tayanib, lashkarboshining o‘zi ham jangga kirsin. Meni ham urush maydonida hozir deb bilsinlar. Ollohning yordami bilan g‘animga sakkiz zarba yetgandan keyin, to‘qqizinchi zarbada dushman yengilib, fathu nusrat nasib bo‘ladi.
To‘g‘ri sardor ulkim, u shoshma-shosharlik qilmay, (avval) lashkarini ishga soladi. Bordiyu lashkarboshining o‘zi qilich chopishga majbur bo‘lsa, iloji boricha, o‘zini o‘limdan saqlasin, chunki lashkarboshining o‘limi o‘rduga isnod keltirib, g‘anim lashkarining g‘alabasiga sabab bo‘ladi.
Shunday qilib, sardor aqlu tadbirkorlik bilan ish yuritib, shoshma-shosharlik qilmasin, chunki shoshqaloqlik shaytonning ishidir. Chorasi bo‘lmagan ishga kirishmasin, chunki undan qutulib bo‘lmaydi.
O‘ziga xos vatanparvarlik hissiyotlari bilan ruhlangan, ijtimoiy voqealarni o‘zicha tushungan tadbirkor Amir Temur 25 yoshida Shahrisabz hokimligiga muyassar bo‘ldi. (I.Mo‘minov)