Sayyidlar, olimlar, faqihlar va bilim egalari, shuningdek, uyg‘ur baxshilariyu fors adiblari Sohibqironga safarda ham, uyda ham uzluksiz mulozimlikda bo‘lgan ekanlar. Farmonga muvofiq ulardan bir guruhi muntazam (ravishda) ul Hazratning yurish-turishi va gap-so‘zlarida, mulk, millat va arkoni davlat ahvolida nimaiki gap bo‘lsa, to‘la-to‘kis yozib borardilar. Bu ishda mubolag‘a qilinmasin, deb alohida ta’kidlab buyurilgan edi. Shu yo‘sinda turkiy manzuma va forsiy qissa, har biri ul Hazratning yurish-turishidagi eng yirik (voqealarni) qamrab olgan nazm va nasr qalamiga olingan edi. (Sharafuddin Ali Yazdiy)
Amir Temur va uning avlodlari davrida "Kitoblar uylari" ("Dor ul-kutub") mavjud bo‘lib, ular yilma-yil noyob asarlar bilan to‘ldirib borilgan. Afsuski, XVII - XIX asrlardagi bosqinlar, mustamlakachilik oqibatida bu kitoblar jahonning turli burchaklariga olib ketildi. Hozirda ota-bobolarimizning, ayniqsa temuriylar davrining noyob durdona qo‘lyozmalari dunyoning eng mashhur muzeylarini bezab turibdi. (To‘lqin Hayit "Amir Temur xazinasi")