Amr etdimki, o‘g‘illarim, nabiralarim, qavm-qarindoshlarim o‘z daraja va martabalariga yarasha xuddi oy qo‘rg‘onlagandek, saltanat taxtini o‘rab o‘ltirsinlar.
Sayyidlar, qozilar, ulamo, fuzalo, shayxlar, ulug‘lar va aslzodalar o‘ng tomondan o‘rin olsinlar.
Amir ul-umaro, beklarbegi, amirlar, no‘yonlar, ulus, tumanlar, qo‘shinlarning sardorlari va amirlari, mingboshilar, yuzboshilar, o‘nboshilar o‘z martabalariga yarasha, chap qo‘l tomonda o‘tirsinlar.
Devonbegi va vazirlarning o‘rnini taxt qarshisidan ko‘rsatdim. Turli mamlakatlar, el-uluslarning yurt-og‘alari va beklari esa, vazirlar orqasida qator bo‘lib o‘tirishlarini buyurdim.
Bahodir degan faxrli nomga ega mard yigitlar, qilich chopib tanilgan o‘g‘lonlar saltanat taxtining orqasida, o‘ng qo‘l tomonda o‘tirsinlar. Qorovulbegilarni esa saltanat taxtining orqasida, chap qo‘l tomonda o‘tirishlarini buyurdim.
Hirovul amiri mening ro‘paramdan o‘rin olsin. Ichki[1], xususiy yasovulim esa katta chodir eshigi oldida, taxtim poyasining to‘g‘risida tik tursin. Arz-dod qilib kelganlar o‘ng va chap tomonda tik tursinlar.
Oddiy sipohiylar, xizmatchi va saroy kishilari[2] har qaysilari o‘z martabalariga yarasha saf tortib, o‘z joylarini bilib tik tursinlar.
O‘rin olish qoidalarining bajarilishini nazorat qiluvchi to‘rt amirga, majlisga hozir bo‘lganlarni o‘z tartibi bilan taxtimning o‘ng va so‘l, oldi va orqasiga joylashtirishlarini buyurdim.
Yana hukm qildimki, qachon majlis qoidaga muvofiq tartibga keltirilgach, ming tovoq osh, ming dona non keltirib, umum yig‘ilganlarga shohona ziyofat bersinlar. Ming tovoq oshni mumtoz va xos kishilar bazmiga olib kelib, shundan besh yuz tovog‘ini ulus amirlariga, sarkardalarga, oqsoqollarga, har qaysisining nomiga atab tarqatsinlar.
Barcha buyuk sarkardalar singari Amir Temur ham o‘z askarlarining mashaqqat va zafarlarini baham ko‘rardi. Ulardan qat’iy intizomni talab qilar, lekin majruhligiga qaramay, ularga bosh bo‘lib jang qilar edi. Hech vaqt o‘z jangchilarini yolg‘iz qoldirmas edi. U lavozimi, boyligi, irqi, dinidan qat’i nazar, barcha uchun adolat bir bo‘lishini nihoyatda sinchkovlik bilan kuzatib borar edi. ...Bunday hukm chiqarish odati, o‘z davri eng yaxshi sarkardasining jasorati va shuhrati singari, uning jangchilar o‘rtasidagi e’tibori va ta’sirining tarkibiy qismlaridan biri hisoblanadi. (Keren Lyusen)