Amr qildimki, sipohiylar, amirlar, mingboshilar, yuzboshilar va o‘nboshilar devonxonaga, bazm-majlislariga kulohsiz, etiksiz, kavushsiz, bo‘rk yoqalik chakmonsiz, xanjarsiz[1], qilichsiz hozir bo‘lmasinlar. O‘n ikki ming qilich osgan askar urushu tinchlik vaqtida butun yaroq-aslahalari bilan ko‘shkda, devonxonaning o‘ngu so‘l tarafidan, orqasidan va oldidan qurshab tursinlar. Shu tartibda har kecha ulardan ming kishi soqchilik qilish uchun hozir bo‘lishsin. har yuz qilichlik ustiga bir yuzboshi qo‘yilsin va unga shartlashilgan maxfiy so‘zni[2] aytsinlar.
Yana amr qildimki, urush paytida o‘n ikki amirdan har biri, mingboshilar, yuzboshilar, o‘nboshilar o‘n ikki ming qurollangan otliq sipohiy bilan bir kecha-kunduz davomida har qaysilari xonni qo‘rikdash uchun hozir bo‘lsinlar. Bu o‘n ikki ming otliq lashkarni to‘rt favjga bo‘lib, bir favjini barong‘orga, boshqasini javong‘orga, bittasini O‘rduning oldiga, boshqasini esa O‘rduning orqa tarafiga tayinlasinlar. Ushbu favjlar navbatma-navbat O‘rdudan yarim farsang uzoqlashib soqchilik qilsinlar. Ushbu to‘rt sipohiy favj o‘zlari uchun hirovul belgilasinlar, hirovuldan esa qorovullar tayinlansin. Ular bo‘lsa ehtiyotkorlik va hushyorlikni qo‘ldan bermay, O‘rduga xabar yetkazib tursinlar.
Yana hukm qildim, atrofimda joylashgan lashkar va O‘rduga, har biriga bittadan kutvol tayinlasinlar va O‘rduni qo‘rikdash, soqchilik qilish ishlari shular ustiga yuklansin. Bozor ahlidan[3] soliq olish ham shular zimmasida bo‘lsin. Agar O‘rdu ahlidan biron kimsaning narsasi o‘g‘irlansa, ular javobgarlikka tortilsinlar.
(Lashkar orasidan) to‘rt favj chopqunchilar tayinlashni buyurdim. Bular to‘rt farsang masofada lashkar yonida yurib, ularni qo‘rikdab borsin. Bordiyu lashkardan biron kishi o‘ldirilganini yoki yaralanganini ko‘rsalar, uning ishini o‘z zimmalariga olishlari lozim. Agar biron kimsaning narsasi o‘g‘irlansa, ular javobgardirlar.
Yana buyurdimki, lashkarning uchdan bir qismi chegaralarni qo‘rikdash ishiga belgilansin; ikki qismi esa doim saltanat xizmatiga hozir tursin.
[1] Matnda «Bo‘kda».
[2] Matnda «Yo‘qiy» –ya’ni o‘ran (parol) deyilmoqchi.
[3] Bozor ahli–harbiy yurishlar vaqtida o‘g‘ruqda savdo-sotiq bilan mashg‘ul bo‘lgan kishilar. Ular askarlardan o‘lja tushgan mollarni arzon bahoda sotib olish va o‘z galida askarlarning ehtiyojiga zarur bo‘lgan narsalarni sotish uchun doimo lashkarga hamroh bo‘lganlar. Askarlarning o‘zlari ham fursat kelganda oldi-sotdi bilan shug‘ullanganlar. (–А.А.)
Hofizi Abro‘ning yozishicha, Amir Temur turk, arab va eronliklar tarixini chuqur bilgan. U davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan har bir masalani hal etishda, shu sohaning bilimdonlari va ulamolari bilan maslahatlashardi.