Ushbu o‘n ikki tuzukni o‘zimga shior qilib olganimdan keyin katta ishonchu salobat bilan saltanat taxtiga o‘tirdim. O‘z tajribamdan sinab bildimki, agar qay bir podshoh shu o‘n ikki narsaga ega bo‘lmas ekan, saltanatdan bebahra qolur.
Birinchidan. Podshoh o‘z so‘ziga ega bo‘lsin, ishini o‘zi bilib qilsin, ya’ni sipoh va raiyat podshoning aytgan so‘zini, qilgan ishini o‘zi aytadi, o‘zi qiladi, hech kimning bunga daxli yo‘q, deb bilsin. Shunday bo‘lgach, podshoh biror kimsaning saltanat martabasiga sherik bo‘lgudek qilib ayttan gapiga va qilgan ishiga ergashmasin. Garchi yaxshi so‘zni hammadan ham eshitish zarur bo‘lsada, lekin boshqalar so‘zda va saltanat ishlarida podshohga sherik yoxud undan ustun bo‘lmasliklari shart.
Ikkinchidan. Sulton har narsada adolatparvar bo‘lsin, qoshida insofli, adolatli vazirlar tutsin, toki podshoh zulm qilgudek bo‘lsa, odil vazir uning chorasini topsin. Ammo agar vazir zolim bo‘lsa, ko‘p vaqt o‘tmay saltanat uyi qulaydi. Chunonchi, amir Husaynning zolim bir vaziri bor edi. U sipohu raiyatga nohaq jarimalar solar edi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay o‘sha noinsof vazirning shumligidan amir Husaynning saltanat uyi xarob bo‘ldi.
Uchinchidan. Butun mamlakatda buyruq va taqiqlashlar podshohning o‘z ixtiyorida bo‘lishi lozim. Podshoh har ishda o‘zi hukm chiqarsin, toki hech kim uning hukmiga aralashib, o‘zgartira olmasin.
To‘rtinchidan. Podshoh o‘z qarorida qat’iy bo‘lsin, ya’ni har qanday ishni qilishga qasd qilar ekan, uni bekor etmasin va to bitirmagunicha undan qo‘l tortmasin.
Beshinchidan. Podshoh hukmi joriy etilishi zarur, ya’ni qanday hukm chiqarishidan qat’i nazar, amalga oshirilishi kerak. Biron kimsa garchi hukmni zararli deb bilgan bo‘lsa ham, unga monelik qilolmasin. Chunonchi, eshitganmanki, sulton Mahmud G‘aznaviy[1] G‘azna[2] shahri maydoniga katta toshni keltirib qo‘yishni buyurgan ekan. Undan o‘tkinchi-ketkinchilarning ot-ulovlari hurkib o‘ta olmay qolibdi. Shunda odamlar tosh yo‘l bo‘yidan olib tashlansa, deb sulton huzuriga qanchalik arz-shikoyat qilib borishmasin, sulton: «Chiqargan hukmimdan qaytmayman, unga xilof biron ish ham qilmayman», –degan ekan.
Oltinchidan. Podshohlik ishlarini tamoman boshqaga topshirib, erkni unga berib qo‘ymasinkim, dunyo bevafo xotin kabi, uning xushtori ko‘pdir. Agar shunday qilar ekan, o‘zganing nafsi tez orada podshoh bo‘lishni tilab, saltanat taxtini o‘zi egallashga kirishadi. Chunonchi, sulton Mahmudga xoinlik qilgan vazirlar uni saltanat taxtidan tushirib, taxtni o‘zlari egalladilar[3]. Shunday bo‘lgach, saltanat ishlarini ishonchli va mo‘’tabar bir necha kishiga bo‘lib berish lozim. Shunda har biri o‘z ishiga bog‘lanib, saltanat taxtiga ko‘z olaytira olmaydi.
Ettinchidan. Saltanat ishlarida har kimning so‘zini eshitsin, har kimdan fikr olsin. (Lekin) qaysi biri foydaliroq bo‘lsa, uni ko‘ngil xazinasida saqlab, vaqtida ishlatsin.
Sakkizinchidan. Saltanat ishlarida, sipohu raiyatga bog‘liq masalalarda boshqalarning so‘z va fe’liga qarab ish tutmasin. Vazirlar, amirlar biron kimsa haqida yaxshi-yomon so‘z aytar ekanlar, eshitsin.
Lekin amal qilishda butun haqiqat ayon bo‘lmaguncha shoshmay, mulohaza bilan ish tutsin.
To‘qqizinchidan. Podshoh haybati sipohu raiyat ko‘nglida shunday o‘rnashgan bo‘lishi kerakki, uning amr-farmoniga hech kim qarshilik qilishga jur’at etolmasin; itoat va tobe’lik qilsin, isyon ko‘tarmasin.
O‘ninchidan. (Podshoh) nima qilsa, o‘z erkicha qilsin, nima desa o‘z so‘zida qat’iy tursin, chunki podshohlarning hukm hurmatidan boshqa bahramandliklari yo‘kdir. Xazina, lashkar, raiyat, saltanat–bularning barisi uning hukmi bilandir.
O‘n birinchidan. Saltanat ishlarida, hukm yurgizishda podshoh o‘zini yagona bilib, hech kimni o‘ziga saltanat sherigi qilmasin.
O‘n ikkinchidan. (Podshoh) majlis ahlidan ogoh va hushyor bo‘lsinkim, ular ko‘pincha ayb axtarib, gapni tashqariga tashiydilar, podshohning so‘zidan, ishidan vazirlarga, amirlarga xabar berib turadilar. Masalan, shunga o‘xshash bir voqea mening o‘zim bilan (ham) ro‘y bergandi. O‘zimning xos majlisimdagi bir qancha suhbatdoshlarim vazirlar va amirlarimning josuslari bo‘lib chiqqandi.
[1] Mahmud G‘aznaviy (998–1030)–Xuroson, hozirgi Afg‘oniston hududi va Shimoliy Hindistonni 977–1186 yillar idora qilgan G‘aznaviylar sulolasi vakili, mashhur fotih, ilm-fan va adabiyot homiysi.
[2] G‘azna (G‘azni)–Kobulning janubida, qandahorga olib boradigan yo‘l ustida joylashgan poytaxt shahar. (–А.А.)
[3] Bu o‘rinda ham xattot yoki fors tarjimoni e’tiborsizligi sababli yo‘l qo‘yilgan xatoga duch kelamiz: «Mahmud» o‘rniga «Mas’ud» o‘qilishi kerak, chunki vazirlarning xoinligi Mas’ud G‘aznaviy davrida bo‘lgan. (–А.А.)
Amir Temur yoshligidayoq aqlining tiniqligi va jasurligi bilan ajralib turardi. Unda harbiy iste’dod erta namoyon bo‘ldi, u otda yurish mashqini olgan va kamondan otishga mohir edi. (Aleksandr Yurevich Yakubovskiy)