Mamlakatlarni fath etguvchi baxtli farzandlarim va jahonni idora etguvchi qudratli nabiralarimga ma’lum bo‘lsinkim, Tangri taolo dargohidan umidim shulki, ko‘plab farzandlarim, avlodu zurriyotim saltanat taxtiga o‘tirib, mamlakatlarni idora etgay. Shuning uchun saltanat qurish, davlat tutish bobida o‘zim qo‘llagan ishlarni bir necha Tuzukka[1] bog‘ladim va saltanatni boshqarish haqida qo‘llanma yozib qoldirdim, toki farzandlarim, avlodim va zurriyotimdan bo‘lganlarning har biri unga muvofiq ish yuritsin. Mehnatu mashaqqatlar, ko‘p harbiy yurishlar, urush-taloshlar bilan, Tangrining inoyatiyu hazrati Muhammadning, unga Tangrining marhamatlari va salomlari bo‘lsin, tole’i baland xalqining sharofati, onhazratning ulug‘vor avlodi, qimmatli sahobalariga beg‘araz muhabbatim, do‘stligim orqali qo‘lga kiritgan davlat va saltanatni sakdagaylar.
Bu tuzuklardan saltanat ishlarini boshqarishda qo‘llanma sifatida foydalangaylar, toki mendan ularga yetadigan davlat va saltanat zararu tanazzuldan omon bo‘lgay.
Endi mening nomdor baxtiyor farzandlarim va mamlakatlarni zabt etguvchi iqtidorli nabiralarimga yo‘l-yo‘rig‘im shulki, men o‘n ikki narsani o‘zimga shior qilib olib, saltanat martabasiga erishdim. Shu o‘n ikki tuzuk yordamida mamlakatni qo‘limda tutib, saltanatimni boshqardim va saltanat taxtiga zebu ziynat berdim. Ular ham ushbu tuzukka amal qilsinlar. Mening va o‘zlarining davlatu saltanatlarini ehtiyot qilsinlar.
Tuzuklar jumlasidan o‘z davlatim va saltanatimga bog‘lagan birinchi tuzukim shulkim, Tangri taoloning dini va Muhammad mustafoning shariatiga dunyoda rivoj berdim. har yerda va har vaqt islom dinini qo‘llab-quvvatladim.
Ikkinchi (tuzukim) shulki, o‘n ikki tabaqa va toifadagi kishilar bilan mamlakatni qo‘limda tutib, saltanatimni boshqardim. Davlat, saltanat ustunlarini o‘shalar bilan quvvatlab, majlislarimni shular bilan ziynatladim.
Uchinchi (tuzukim) shulki, maslahat, kengash, tadbirkorlik, faollik va hushyorlik, ehtiyotkorlik bilan g‘anim qo‘shinlarini yengib, mamlakatlarni o‘zimga bo‘ysundirdim. Saltanatim ishlarini murosayu madora, muruvvat, sabr-toqat va chidam bilan yurgizdim. Ko‘p narsani bilib tursam ham o‘zimni bilmaslikka soldim, do‘stu dushman bilan murosayu madora qildim.
To‘rtinchi (tuzukim)–davlatim ishlarini to‘ra va tuzukka asoslangan holda boshqardim. To‘ra va tuzukka tayanib, saltanatda o‘z martaba va maqomimni mustahkam sakdab turdim. Amirlar, vazirlar, sipoh, raiyat, har biri o‘z lavozim va martabasidan mamnun holda xizmatimda bo‘lib, undan ortig‘iga da’vogarlik qila olmadi.
Beshinchi (tuzukim)–amirlarim va askarlarimni martabayu unvonlar, oltin-kumush bilan xushnud etdim. Bazmlarda ularga (munosib) o‘rin berdim, shuning uchun janglarda jonlarini fido qildilar. Dirham va dinorlarni ulardan ayamadim. Ularning yumushlarini yengillashtirish uchun mehnatu mashaqqatlarini o‘zimga yukladim va ularni tarbiyat etdim. Amirlar, sipohsolorlar, bahodirlar bilan ittifoq bo‘lib, ularning mardligu mardonavorligiga tayanib, shamshir zarbi bilan yigirma yetti podshohning taxtini egalladim. Eron, Turon, Rum, Mag‘rib, Shom, Misr, Iroqi arab, Iroqi ajam, Mozandaron, Gilon, Shirvon, Ozar-bayjon, Fors, Xuroson, Jeta Dashti, Dashti qipchoq, Xorazm, Xo‘tan, Kobuliston, Boxtarzamin, Xindiston mamlakatlariga podshoh bo‘lib, hukm surdim.
Saltanat to‘nini kiygach, o‘z to‘shagimda rohatda uxlash huzur-halovatidan voz kechdim. O‘n ikki yoshimdan jahongashtalik qismatim bo‘ldi, ranju mehnatlar tortdim. Har xil tadbirlar qo‘lladim, (g‘anim) favjlarini sindirdim. Amirlar va askarlarning isyonlarini ko‘rdim, ulardan achchiq so‘zlar eshitdim. Lekin sabru bardosh bilan o‘zimni eshitmagan, ko‘rmaganga solib, ularni tinchitdim. Qilich ko‘tarib jang maydoniga otildim va viloyatlar, mamlakatlarni bo‘ysundirib, dunyoda nom chiqardim.
Oltinchi (tuzukim)–adolat va insof bilan Tangrimning yaratgan bandalarini o‘zimdan rozi qildim. Gunohkorga ham, begunohga ham rahm-shafqat bilan, haqqoniyat yuzasidan hukm chiqardim. Xayr-ehson ishlarim bilan odamlarning ko‘nglidan joy oldim. Siyosat va insof bilan sipohlarimni, raiyatni umid va qo‘rqinch orasida tutib turdim. Fuqaro va qo‘l ostimdagilarga rahmdillik qildim, askarlarimga in’omlar ulashdim.
Zolimdan mazlumning haqqini oldim. Zolim yetkazgan moddiy va jismoniy zararlarni isbotlaganimdan keyin, uni shariatga muvofiq ikkisi o‘rtasida muhokama qildim va bir gunohkorning o‘rniga boshqasiga jabr-zulm yetkazmadim.
Menga yomonliklar qilib, boshim uzra shamshir ko‘targanlar, ishimga ko‘p ziyon yetkazganlarni ham, agar ular iltijo bilan tavba-tazarru qilib kelsalar, hurmatlab, yomon qilmishlarini xotiramdan o‘chirdim. Martabalarini oshirdim. Ular bilan muomalada shunday yo‘l tutdimki, agar xotiralarida menga nisbatan shubhayu qo‘rquv bo‘lsa, butunlay unutishar edi.
Ettinchi (tuzukim)–sayyidlar, ulamo, mashoyix, oqilu donolar, muhaddislar, tarixchilarni sara, e’tiborli odamlar hisoblab, izzatu hurmatlarini o‘rniga qo‘ydim. Shijoatli kishilarni do‘st tutardim, chunki Tangri taolo jasur kishilarni ardoqlaydi. Ulamo bilan suhbatda bo‘ldim va pok niyatli, toza qalbli kishilarga talpindim. Bularning himmatlaridan ulush tilab, muborak nafaslari bilan duo-fotiha berishlarini iltimos qildim. Darvish, faqir va miskinlarni o‘zimga yaqin tutdim, ularning ko‘ngillarini og‘ritmadim va biron talablarini rad etmadim. Buzuqi, og‘zi shaloq, g‘iybatchi odamlarni majlisimga yo‘latmadim, so‘zlariga amal qilmadim. Biror kimsaga nisbatan tuhmatu g‘iybat qilsalar, quloq solmadim.
Sakkizinchi (tuzukim)–azmu jazm bilan ish tutdim. Biror ishni bajarishni o‘ylasam, butun zehnim, vujudim bilan berildim, bitirmagunimcha undan qo‘limni tortmadim. Har neki desam, unga o‘zim amal qildim. Hech kimga g‘azab bilan qattiq muomalada bo‘lmadim va hech bir ishda tanglik qilmadim, toki Tangri taoloning g‘azabiga duchor bo‘lmayin va ishimni buzib, holimni tang aylamasin deb. Odam Atodan boshlab to Xotamgacha va undan to hozirgi damgacha[2] o‘tgan sultonlarning qonunlarini va turish-turmushlarini donolardan so‘rab-surishtirdim. Har qaysilarining yo‘l-yo‘rikdari, turish-turmushlari, qilish-qilmishlari, aytgan gaplarini xotiramda saqladim va yaxshi axlokdari, ma’qul sifatlaridan o‘rnak olib, ularga amal qildim. Davlatlarining tanazzulga uchrashi sabablarini surishtirdim va davlatu saltanat zavoliga sabab bo‘luvchi ishlardan saqlandim, naslni buzuvchi, ocharchilik, vabo kasali keltiruvchi zulmu buzuqchilikdan sakdanishni o‘zimga lozim bildim.
To‘qqizinchi (tuzukim)–raiyat ahvolidan ogoh bo‘ldim, ulug‘larini og‘a qatorida, kichiklarini farzand o‘rnida ko‘rdim. Har yerning tabiati, har el va shaharning rasmu odatlari, mizojidan voqif bo‘lib turdim. Har bir o‘lka va shahar axdining ashrof-ulug‘lari bilan do‘st tutindim. Mizojlariga, tabiatiga to‘g‘ri kelgan, o‘zlari tilagan odamlarni ularga hokim qilib tayinladim. Har bir diyor aholisining ahvolidan ogoh bo‘lib turdim. Har bir mamlakatning ahvolini, sipohu raiyat kayfiyatini, turish-turmushini, qilish-qilmishlarini, bular o‘rtalaridagi aloqalarni xatga bitib, menga bildirib turishlari uchun diyonatli, to‘g‘ri yozuvchi kishilarni belgiladim. Bordiyu egri yozganlari menga bildirilsa, ularni jazoladim. Hokimlaru sipohdan qay birining xalqqa jabr-zulm yetkazganini eshitsam, ularga nisbatan darhol adolatu insof yuzasidan chora ko‘rdim.
O‘ninchi (tuzukim)–turku tojik, arabu ajamning turli toifa va qabilalaridan bo‘lgan va menga nisbatan xayrixohlik qilgan kishilarning ulug‘lariga hurmat ko‘rsatdim, qolganlarini ham o‘z holiga yarasha siyladim. Yaxshilariga–yaxshilik qildim, yomonlarini esa o‘z yomonliklariga topshirdim.
Kim menga do‘stlik qilsa qadrladim, do‘stligini unutmadim va unga muruvvat, ehson, izzatu ikrom ko‘rsatdim. Kimki mening xizmatimni qilsa, uning xizmati haqqini ado etdim. Kimki menga dushmanlik qilsayu, keyin pushaymon bo‘lib, iltijo bilan himoya istab, tiz cho‘kib huzurimga kelsa, dushmanligini unutib, muruvvat va do‘stlik ko‘rsatdim. Chunonchi, ulus amiri Sher Bahrom avval menga hamroh edi, boshimga ish tushganda meni tashlab ketdi va dushmanlarimga qo‘shilib, menga qarshi qilich ko‘tardi. Oxiri bergan tuzim haqqi tiz urib, yana iltijo qilib keldi. Asl er-yigit ekani va jang-jadal bilan suyagi qotgan mardlardan bo‘lganligi sababli yomon ishlarining hammasidan ko‘z yumdim. Huzurimga kelgach, o‘zini hurmatlab, martabasini oshirdim. Uni mardu mardonaligi uchun kechirdim.
O‘n birinchi (tuzukim)–farzandlar, qarindoshlar, yoru birodarlar, qo‘shnilar va men bilan bir vaqtlar do‘stlik qilgan barcha odamlarni davlatu ne’mat martabasiga erishganimda unutmadim, (molu mulk va naqd pul bilan) hakdarini ado etdim. O‘z farzandlarim, qavmu qarindoshlarimdan qarindoshlik mehrini uzmadim. Ulardan noravo ish o‘tgan bo‘lsa, darhol (qo‘l-oyog‘ini) bog‘lab, o‘ldirishga buyurmadim. Har kimni (turish-turmushning pastu balandlarida) turli yo‘llar bilan sinab bilib oldim va ularga shunga yarasha muomala qildim. hayotning ko‘p issiq-sovug‘ini ko‘rib, ulardan saboq olib, tajribamni oshirdim. Shuning uchun do‘stu dushman bilan kelishib yashadim.
O‘n ikkinchi (tuzukim)–do‘st-dushmanligiga qaramay, har joyda sipoxdarni hurmat qildim, chunki ular boqiy mato bo‘lgan jonlarini foniy dunyo moli uchun sotadilar. O‘zlarini ma’raka-maydonga, halokatga otib, jonlarini qurbon qiladilar.
Agar g‘anim sipohidan biror kimsa o‘z valine’matiga sidqidildan xizmat qilib, urush kunlarida menga qarshi qilich ko‘targan bo‘lsa ham, unday odamga nisbatan lutf-marhamatlar ko‘rsatdim. Qoshimga (panoh istab) kelganda, uni qadrlab, ishonchini qozondim, vafodorligi va haqiqat bilan xizmat qilishiga ishondim.
Qaysi bir askar tuz haqi va vafodorlikni unutib, xizmat vaqtida o‘z egasidan yuz o‘girib, mening oldimga kelgan bo‘lsa, unday odamni o‘zimga eng yomon dushman deb bildim. Chunonchi, To‘xtamishxon bilan bo‘lgan urushda uning amirlari menga xabarlar va shikoyatlar yozib, uz hukmdori, ya’ni mening dushmanim bo‘lmish To‘xtamishxon bergan tuz haqini unutdilar. Vafodorlik va haqiqatni bir chekkaga yig‘ishtirib qo‘yib, mening huzurimga panoh istab kelganlari uchun ularni la’natladim, o‘zimcha, «Bular o‘z sohibiga vafo qilmagach, menga qilarmidi?» deb o‘yladim.
Sayyidlar, olimlar, faqihlar va bilim egalari, shuningdek, uyg‘ur baxshilariyu fors adiblari Sohibqironga safarda ham, uyda ham uzluksiz mulozimlikda bo‘lgan ekanlar. Farmonga muvofiq ulardan bir guruhi muntazam (ravishda) ul Hazratning yurish-turishi va gap-so‘zlarida, mulk, millat va arkoni davlat ahvolida nimaiki gap bo‘lsa, to‘la-to‘kis yozib borardilar. Bu ishda mubolag‘a qilinmasin, deb alohida ta’kidlab buyurilgan edi. Shu yo‘sinda turkiy manzuma va forsiy qissa, har biri ul Hazratning yurish-turishidagi eng yirik (voqealarni) qamrab olgan nazm va nasr qalamiga olingan edi. (Sharafuddin Ali Yazdiy)