Iroq aholisining Muzaffariylar[1] va turli toifadagi hukmdorlar[2] zulmidan shikoyat qilib yozgan arizalari qo‘limga tushgach, Iroqqa yurish tadorigini ko‘rishga jazm qildim[3].
Shu payt xotiramga: «Bu mamlakatlarning podshohlari ittifoq bo‘lib, menga qarshi urushga ko‘tarilsalarchi? Demak, jangga shay bo‘lish lozim!» – degan fikr keldi. Amirlarim ham jangdan avval tegishli tayyorgarlikni ko‘rish kerak, deb maslahat berdilar. O‘zim esa bularni birma-bir rom etgan holda bo‘ysundirish, itoatga kelmaganlarini esa jazolash darkor, degan fikrda edim. Mening panohimga kelgan birinchi odam Mozandaron hokimi amir Ali bo‘ldi. U menga peshkash jo‘natib, maktubida: «Biz hazrati Ali avlodidan bo‘lgan bir jamoamiz. Shu yerda qanoat qilib kun kechirayotibmiz. Bu yerni olsangiz, quvvatu kuchingiz ortar, ammo kechib yuborishingiz taqvoga yaqinroq ishdir[4]»,–degan gaplar bitilgan edi.
Men Mozandaron hokimining itoat bildirib kdlgan bu murojaatini yaxshilikka yo‘ydim. Keyin Gilon va Jurjonga qarab yo‘l oldim. U o‘lkaning hokimlari menga bo‘ysunmagach, qaxrli lashkarim favjlarini ularning ustiga jo‘natdim, o‘zim esa Iroq sari lashkar tortdim.
Isfahonni zabt etdim. Shahar aholisiga ishonch bildirib, qal’asini o‘zlarining qo‘liga topshirdim. Ular esa isyon ko‘tarib, men tayinlagan darug‘ani[5] hamda uch ming askarimni tig‘dan o‘tkazdilar. Men Isfahon aholisini qatli om qilish haqida buyruq berdim[6].
[1] Muzaffariylar–1314–1393 yillarda Janubiy Eronni idora qilgan sulola.
[2] ..hukmdorlar–bu yerda mo‘g‘ullardan keyin hukumat tepasiga kelgan Sarbadorlar, Cho‘poniylar, Jaloiriylar davlatlari ko‘zda tutilgan.
[3] Bu yurish Xurosonda amir Valibek va Alibek Joniqurboniy isyonini bostirish maqsadida qilingan.
[4] «Qur’oni karim». Baqara surasi, 237-oyat. ( –А.А.)
[5] Dorug‘a–shahar hokimi.
[6] Bu voqea 1387 yili 18 noyabrda sodir bo‘lgan. Qurolsiz kishilar, sayyidlar, shayxlar va hunarmandlarga tegilmagan.
Barcha buyuk sarkardalar singari Amir Temur ham o‘z askarlarining mashaqqat va zafarlarini baham ko‘rardi. Ulardan qat’iy intizomni talab qilar, lekin majruhligiga qaramay, ularga bosh bo‘lib jang qilar edi. Hech vaqt o‘z jangchilarini yolg‘iz qoldirmas edi. U lavozimi, boyligi, irqi, dinidan qat’i nazar, barcha uchun adolat bir bo‘lishini nihoyatda sinchkovlik bilan kuzatib borar edi. ...Bunday hukm chiqarish odati, o‘z davri eng yaxshi sarkardasining jasorati va shuhrati singari, uning jangchilar o‘rtasidagi e’tibori va ta’sirining tarkibiy qismlaridan biri hisoblanadi. (Keren Lyusen)