Amir Husayn menga asir tushgandan keyin, uning navkarlari va amirlari «Endi bizni o‘ldiradi», deb gumon qilgan edilar. Avvaliga niyatim shundoq edi, keyinroq, «Axir bular askarlar-ku?» deb barchalarini afv etdim va yana askarlikka tayinladim.
Badaxshonda hokim bo‘lib turgan ularning bosh amiri ko‘p martaba jangda men bilan yuzma-yuz kelib, kdlich chopishgan kishi edi. Amir Husayn qatl etilganini[1] eshitgach, mening qahrimdan qo‘rqib, o‘zini sergak tutdi va bordiyu uni tutish uchun qo‘shin yuborsam, to‘g‘ri ish qilmagan bo‘lur edim. (Shuning uchun) o‘zimni uni unutgan kishidek tutdim va (uning borasida) ushbu tadbirni qo‘lladim: majlislarda, yig‘in-o‘tirishlarda uni yaxshi so‘zlar bilan yod etib, mardligi va bahodirligini maqtadim, toki do‘stlari: «Amir (Temur) senga nisbatan marhamat va inoyat maqomida turibdi», deb unga xat yozdilar. U zorlanib menga maktub yubordi va inoyatu marhamatimdan umidvor bo‘lib, panohimga keldi.
[1] Amir Husaynni Xuttalon hokimi amir Kayxusrav xun talabi bilan o‘ldirgan, chunki amir Husayn 1360 yili uning inisi Kayqubodni qatl etdirgan edi.
Barcha buyuk sarkardalar singari Amir Temur ham o‘z askarlarining mashaqqat va zafarlarini baham ko‘rardi. Ulardan qat’iy intizomni talab qilar, lekin majruhligiga qaramay, ularga bosh bo‘lib jang qilar edi. Hech vaqt o‘z jangchilarini yolg‘iz qoldirmas edi. U lavozimi, boyligi, irqi, dinidan qat’i nazar, barcha uchun adolat bir bo‘lishini nihoyatda sinchkovlik bilan kuzatib borar edi. ...Bunday hukm chiqarish odati, o‘z davri eng yaxshi sarkardasining jasorati va shuhrati singari, uning jangchilar o‘rtasidagi e’tibori va ta’sirining tarkibiy qismlaridan biri hisoblanadi. (Keren Lyusen)