Amr qildimki, o‘n ikki katta amirlarning har biriga bitta bayroq va bir nog‘ora berilsin. Amir ul-umaroga bayroq va nog‘ora, tuman tug‘i[1] va chortug‘[2] takdim etsinlar. Mingboshiga esa bir tug‘ va karnay bersinlar. Yuzboshi va o‘nboshiga bshtadan katta nog‘ora bersinlar. Aymoqlarning[3] amirlariga bo‘lsa, bittadan burg‘u takdim etsinlar. To‘rt beglarbegining har biriga bittadan bayroq, nog‘ora, chortug‘ va burg‘u bersinlar.
(O‘n ikki) amirdan qaysi biri dushman favjini sindirsa yoki g‘anim qo‘li ostidagi biror mamlakatni fath etsa, uni takdirlab, agar birinchi (darajali) amir bo‘lsa, ikkinchi (darajali), ikkinchi bo‘lsa, uchinchi (darajali), uchinchi bo‘lsa, to‘rtinchi (darajali) amir martabasini bersinlar. Shu tartibda o‘n birinchi (darajali) amirgacha davom ettirsinlar. Agar o‘n birinchi (darajali) amir bo‘lsa, uni o‘n ikkinchi (darajali) amir qilib, bayroq, tug‘ va nog‘ora bersinlar. Shu yo‘sinda birinchi (darajali) amirga bitta tug‘, ikkinchisiga–ikkita, uchinchisiga–uchta, to‘rtinchisiga–to‘rtta tug‘ va nog‘ora berib, ularni tumantug‘ va chortug‘ olish martabasiga yetkazib rag‘batlantirsinlar.
[1] Tuman shug‘i–o‘rta asrlarda uchiga qo‘tos, ot yoli yoki dumi, yarim oy yoki kerilgan besh panja tasviri o‘rnatilgan lashkarning bayroqsimon nishon-belgisi; ushbu asarda tug‘ atrofida to‘plangan harbiy bo‘linma ma’nosida ham keltirilgan.
[2] Chortug‘–harbiy bo‘linma amirining darajasini bildiruvchi uchi o‘tkir nayza; bayroqning bir turi.
[3] Aymoq (o‘moq)–bir necha qarindosh-urug‘lar ittifoqi; qabila.
Barcha buyuk sarkardalar singari Amir Temur ham o‘z askarlarining mashaqqat va zafarlarini baham ko‘rardi. Ulardan qat’iy intizomni talab qilar, lekin majruhligiga qaramay, ularga bosh bo‘lib jang qilar edi. Hech vaqt o‘z jangchilarini yolg‘iz qoldirmas edi. U lavozimi, boyligi, irqi, dinidan qat’i nazar, barcha uchun adolat bir bo‘lishini nihoyatda sinchkovlik bilan kuzatib borar edi. ...Bunday hukm chiqarish odati, o‘z davri eng yaxshi sarkardasining jasorati va shuhrati singari, uning jangchilar o‘rtasidagi e’tibori va ta’sirining tarkibiy qismlaridan biri hisoblanadi. (Keren Lyusen)